Tuman hokimligi apparatida fuqarolarning ogʻzaki yoki yozma shakldagi ariza, taklif va shikoyatlar bilan ishlash hamda fuqarolarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda tuman hokimining qarori bilan tasdiqlangan tuman hokimligida fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish va ularni qabul qilish tartibi” asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash uchun masʼuliyat tuman hokimi oʻrinbosarlari, umumiy boʻlim, guruh rahbari va bosh mutaxassisilari zimmasiga yuklanadi.
Tuman hokimligida fuqarolar tuman hokimi, hokim oʻrinbosarlari, hokimlik apparatining, boʻlim boshligʻi va guruh rahbari tomonidan fuqarolarni qabul qilish xonasida qabul qilinadi. Fuqarolarni qabul qilish tuman hokimi qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida amalga oshiriladi. Qabul jadvali fuqarolar eʼtiboriga yetkaziladi.
Tuman hokimi va hokim oʻrinbosarlari tomonidan fuqarolar hududlarda maxsus jadval asosida sayyor qabul qilinadi.
Har bir fuqaroning qabulidan soʻng qabul varaqalari rasmiylashtiriladi. Unda qabul qilingan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, istiqomat qiladigan joyi, murojaatning qisqacha mazmuni yozib qoʻyiladi. Qabul varaqasi kanseliyariyada roʻyxatdan oʻtkaziladi. Qabulda koʻtarilgan muammo hal etish uchun tegishli ijrochilarga yuboriladi va uning nazorati hokimlik apparatining tegishli boʻlinmasi va kanseliyari mudiri tomonidan shaxsan nazorat qilinadi.
Fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish uchun masʼuliyat tuman hokimligi kanseliyari mudiri zimmasiga yuklatiladi.
Kanselariya mudiri tuman hokimligiga kelgan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilib oladi, mazmuniga qarab tuman hokimi topshirigʻi loyihasini tayyorlaydi va shaxsan tuman hokimi koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi. Tuman hokimi tomonidan murojaatni oʻrganish boʻyicha berilgan topshiriq tuman hokimligi kanseliyariyada roʻyxatdan oʻtkaziladi va tegishli ijrochilarga yetkaziladi. Ushbu jarayon tuman hokimligi kanseliyari mudiri tomonidan shaxsan nazorat qilinadi. Tuman hokimi oʻrinbosarlari yoki hokimlik apparatining boʻlinmalari rahbarlari nomiga kelgan murojaatlar ham tuman hokimligi kanseliyari mudiri tomonidan xuddi shu tartibda rasmiylashtiriladi va nazoratga olinadi.
Fuqarolarning murojaatlarini oʻrganib chiqish uchun tuman hokimi yoki ushbu murojaat koʻrib chiqish uchun yuborilgan hokim oʻrinbosari tomonidan tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilishi mumkin.Fuqarolarning takliflari tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi (qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan takliflar bundan mustasno) va bu haqda taklif kiritgan shaxsga oʻn kun muddat ichida maʼlum qilinadi.
Ariza va shikoyatlar tuman hokimligiga tushgan kunidan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddat ichida, qoʻshimcha oʻrganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza va shikoyatlar esa oʻn besh kundan kechiktirmay koʻrib chiqiladi.
Ariza yoki shikoyatni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ariza yoki shikoyatni koʻrib chiqish muddati tuman hokimi tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga maʼlum qilinadi.
Tuman hokimligiga qabulga kelgan fuqarolarga murojaatlari boʻyicha oʻsha paytda tushuntirish beriladi, masalaning mohiyatiga qarab uning koʻrib chiqilishi natijalari toʻgʻrisida murojaat mualliflariga yozma shaklda xabar berilishi ham mumkin.
Fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan yoki u haqda soxta maʼlumotlar koʻrsatilgan, shuningdek, imzo qoʻyilmagan yozma murojaatlar anonim deb hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.
Fuqarolarning murojaatlarida qoʻyilgan masalalarni hal etish tuman hokimligining vakolatiga kirmaydigan boʻlsa, uzogʻi bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga joʻnatiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi.
Tuman hokimligi kanseliyari mudiri har kunning oxirida fuqarolarning murojaatlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ular bilan olib borilgan ishlarni tahlil qiladi, qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi. Oy yakunlari boʻyicha tuman hokimligiga fuqarolardan kelgan murojaatlarni umumlashtiradi va ularni mazmuni boʻyicha tahlil qiladi. Tahliliy maʼlumotlarni tuman hokimlik soati va apparat yigʻilishlari muhokamasiga kiritadi.
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha masʼul shaxs: H.Ikromjonov +998-79-523-13-42