Nurota tumani, Islom Karimov ko'chasi 48 uy

  • Yaratildi: 12.09.2022 22:13

XXR Raisi davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 14-16-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Har doimgidek, hamkorlikning amaliy jihatlari, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, innovatsiyalar, «yashil» va raqamli iqtisodiyot borasidagi qo‘shma loyihalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalaridagi dasturlarni ilgari surish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot va salmoqli kelishuvlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

XXR Raisi Si Szinpin 15-16-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.